“Til bor ekan, millat barhayot”

Oʻtmishning oʻziday qadimiy tilim,
nelarni koʻrding-a, entikib-toʻyib.
Oʻt soldi boshingga tilsiz yogʻiylar,
chalajon qildilar koʻzingni oʻyib.

Dard-alam chekilsa senda chekilgay,
kula olsam aniq senda kulaman.
Sensiz oʻtilgaymi axir biron kun,
Oʻzbek tilim, men ham oʻzbek boʻlaman.

Yolgʻiz quvonchingda kelgan doʻstingmas,
birodar sinalar mushkulotingda.
Yangi ruh-mashʼaldek porlading goʻyo,
Birlashgan Millatlar Tashkilotida.

Nahotki mushkuldir hissa qoʻshmoqlik?
Suysang bor vujuding qoʻshib-la suygin.
Ogoh boʻl, loqaydlik oʻldirar tilni,
loaqal bir xato tuzatib qoʻygin.

Gʻururim, shonimsan, jon ona tilim,
parvozing abaddir, qadaming buyuk!
Seni avaylagan menga qadrdon,
Seni ardoqlagan inimdek suyuk!

Leave a Comment

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.