Toshkent davlat tibbiyot universitetida
Mazkur anjuman Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1-son Dermatovenerologiya va kosmetologiya kafedrasi tomonidan tashkil etilib, unda dermatovenerologiya, tibbiy ta’lim, klinik amaliyot hamda zamonaviy pedagogik texnologiyalar yo‘nalishlaridagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Anjumanda Toshkent davlat tibbiyot universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor Xaitov Qaxramon Najmitdinovich, 1-son Dermatovenerologiya va kosmetologiya kafedrasi mudiri, professor Tashkenbayeva Umida Alisherovna hamda kafedra professori Vaisov Adham Shavkatovich ishtirok etib, qatnashchilarni qutlab, zamonaviy tibbiy ta’limni rivojlantirishning muhim jihatlari haqida fikr bildirdilar.
Plenar majlis davomida dermatovenerologiyani o‘qitishda innovatsion pedagogik texnologiyalar, sun’iy intellektning oliy ta’limdagi o‘rni, simulyatsion ta’lim, klinik fikrlashni shakllantirish, PBL (Problem-Based Learning), Case-study metodlari hamda dalillarga asoslangan tibbiyotning ta’lim tizimiga integratsiyasi kabi mavzularda ma’ruzalar taqdim etildi.
Xususan, konferensiyada:
— Oliy ta’limda sun’iy intellektning roli,
— Dermatovenerologiyada klinik kompetensiyalarni shakllantirish,
— Simulyatsion texnologiyalarning amaliy ta’limdagi ahamiyati,
— Tibbiyot talabalarida psixoemotsional holat va charchoq sindromi,
— Dermatovenerologiya ta’limida dalillarga asoslangan tibbiyotning o‘rni
kabi dolzarb yo‘nalishlar keng muhokama qilindi.
Anjumanda Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1-son Dermatovenerologiya va kosmetologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda boshqa oliy ta’lim muassasalari hamda mutaxassislar ham faol ishtirok etdilar.
Konferensiya yakunida tibbiy ta’lim tizimiga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, klinik fikrlashni rivojlantirish hamda talabalar bilimini amaliyot bilan integratsiya qilish bugungi dermatovenerologiya ta’limining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.


